Bojxona kodeksi 80-modda. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini tugallash

Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi olib kirilgan tovarning qayta ishlash mahsulotlarini yoki uning qoldiqlarini, shuningdek tovarni qayta ishlash chiqindilarini tovarni bojxona hududida qayta ishlashning ushbu Kodeks 75-moddasida belgilangan muddati tugaydigan kundan kechiktirmay olib chiqish yoxud ularni boshqa bojxona rejimlariga joylashtirish bilan tugallanishi kerak. Qayta ishlash mahsulotlari bittadan ortiq turkumda olib chiqilayotganda, qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish vaqti-vaqti bilan, lekin uch oyda kamida bir marta va qayta ishlash mahsulotlarining oxirgi turkumi bojxona chegarasi orqali olib oʻtilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay amalga oshirilishi mumkin. Qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasida koʻrsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib koʻrish natijalari boʻyicha bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxs bilan birgalikda dalolatnoma tuzadi. Agar olib chiqilgan qayta ishlash mahsulotlarining miqdori tekshirib koʻrish natijasida ruxsatnomada koʻrsatilgan miqdordan ortiqligi aniqlangudek boʻlsa, bojxona organi qoʻshimcha bojxona toʻlovlari toʻlash zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunday holda bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxsga qaror qabul qilingan kunning ertasidan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilishi shart. Agar bunday toʻlovlarni toʻlash yozma xabar olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida amalga oshirilsa, ularning summalariga penya hisoblanmaydi. Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi amal qilishi tugagan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida solishtirib chiqishi shart.