Bojxona kodeksi 96-modda. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga oʻtkazish

Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga oʻtkazishga, unga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga berishga quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi: tovarni yoki unga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazuvchi vakolatli shaxs bojxona organini oldindan yozma shaklda xabardor etadi; tovarga boʻlgan huquqni oluvchi vakolatli shaxs ushbu tovarga nisbatan tanlangan bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etgan holda bojxona deklaratsiyasini bojxona organiga taqdim etadi. Vakolatli shaxsning tovarga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish huquqi bojxona deklaratsiyasi bojxona organiga berilgan paytdan eʼtiboran boshqa shaxsga oʻtkazilgan deb hisoblanadi. Bojxona deklaratsiyasi berilgan paytda mazkur shaxsda bojxona rejimiga rioya etilishini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlar yuzaga keladi. Bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarning ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq boshqa shaxsga oʻtkazilganligi bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni saqlash muddatini toʻxtatib turmaydi va uzaytirmaydi.