Budjet kodeksi 130-modda. Qabul qilingan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari mavjud boʻlmaganda budjetni ijro etish tartibi

Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari yil boshlanguniga qadar qabul qilinmagan boʻlsa, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari quyidagi shartlarga rioya etilgan holda ijro etiladi: oʻtgan moliya yilida amalda boʻlgan soliqlar, yigʻimlar va davlat bojlari, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlarni taqsimlash normativlari saqlab qolinadi; Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari yil boshlanguniga qadar qabul qilinmasa, boshlanayotgan moliya yilida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining oʻtgan moliya yilining oxirgi choragidagi ajratilgan mablagʻlar doirasida xarajat qilinadi. Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari moliya yili boshlanganidan keyin qabul qilingan taqdirda, moliya yili mobaynida xarajatlarning umumiy summasi qabul qilingan Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga muvofiqlashtirilishi kerak.