Budjet kodeksi 161-modda. Umumiy qoidalar

Budjet hisobi budjet tizimi budjetlarini ijro etishda hisobga olinadigan, pulda ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning, shuningdek mazkur aktivlar va majburiyatlarni oʻzgartiruvchi operatsiyalarning holati toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash, roʻyxatdan oʻtkazish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimidir. Budjet hisoboti budjet hisobi maʼlumotlari asosida belgilangan shakllar boʻyicha tuziladigan aktivlar va majburiyatlarning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning umumlashtirilgan tizimidir. Budjet hisobi va budjet hisobotining yagona uslubiyati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ushbu Kodeks, budjet hisobining standartlariga, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi. Budjet hisobining standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va budjet hisobotining yagona uslubiyatiga rioya etilgan holda budjet hisobining batafsil boʻlishini taʼminlaydigan ichki idoraviy hujjatlar qoʻllanilishi mumkin. Budjet tizimi budjetlari ijrosining budjet hisobi: iqtisodiyot va moliya organlari; gʻaznachilik boʻlinmalari; davlat soliq xizmati organlari va bojxona organlari; budjet tashkilotlari; davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan yuritiladi. Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi boʻyicha budjet hisobi kassa usuli boʻyicha yuritiladi.