Budjet kodeksi 170-modda. Umumiy qoidalar

Davlat moliyaviy nazorati budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikning davlat moliyaviy nazorati obyektlari tomonidan buzilishi hollarini aniqlash, bartaraf etish va unga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat moliyaviy nazorati: respublika darajasida — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining va Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan; mahalliy darajada — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan amalga oshiriladi. Davlat moliyaviy nazorat organlari davlat moliyaviy nazoratini davlat moliyaviy nazorat organlari yoki vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan nazorat qilish yillik rejalariga muvofiq amalga oshiradi. Ayrim hollarda rejadan tashqari davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishga: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining; davlat moliyaviy nazorat organiga budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi faktlari toʻgʻrisida maʼlumotlar kelib tushgan hollarda davlat moliyaviy nazorat organlari rahbarlarining qarorlari asosida yoʻl qoʻyiladi.