Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi: budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikka, budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi; budjet tizimi budjetlarining xarajatlari ijrosi; budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan toʻlovlarni amalga oshirishning navbatliligi, muddatlariga rioya etilishi va toʻliqligi; budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining maqsadli sarflanishi; rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish uchun markazlashtirilgan manbalardan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi; Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik muassasalari tomonidan chet el valyutasidagi mablagʻlardan toʻgʻri va maqsadli foydalanilishi; pensiyalar va nafaqalar toʻgʻri tayinlanishi, hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishi; budjet subsidiyalari, ssudalari va kredit liniyalaridan maqsadli foydalanilishi; Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlardan (qarzlardan) maqsadli foydalanilishi; insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi; davlat xaridlari boʻyicha tender (tanlov) savdolarining toʻgʻri oʻtkazilishi; hisobot yili yakunlari boʻyicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiradi.