Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi moliyaviy muassasadir va u ustuvor investitsiya loyihalarini hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga, mamlakatni muttasil, barqaror va mutanosib ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishilishiga, shuningdek samarali tarkibiy va investitsiya siyosati amalga oshirilishiga doir loyihalarni moliyalashtirish uchun ushbu Kodeksda belgilangan mablagʻlarni jamlaydi. Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasini boshqarish Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining yuqori boshqaruv organi boʻlib, uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijro etuvchi organi va mablagʻlarini taqsimlovchidir. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga: har yili 1-maygacha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari loyihasini; yilning har choragida hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi.