Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlari: birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, bolalar tibbiyot muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda ijtimoiy kasalliklarga (sil, buyrak yetishmovchiligi, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrin, moxov (lepra), yuqumli, jinsiy yoʻl bilan yuqtiriladigan, OITS) ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida — umumiy xarajatlarning 10 foizi miqdorida, respublika va viloyat darajasidagi boshqa sogʻliqni saqlash muassasalarida — umumiy xarajatlarning 5 foizi miqdorida budjetdan ajratiladigan mablagʻlar; faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar; hisobot choragining soʻnggi ish kuni oxirida xarajatlar smetasi boʻyicha tejalgan mablagʻlar, kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar bundan mustasno; tibbiyot tashkiloti balansida turgan mol-mulkni ijaraga berishdan olingan mablagʻlarning bir qismi; belgilangan tartibda budjet tashkilotlari tasarrufida qoldiriladigan mablagʻlar; homiylikdan olingan mablagʻlar hisobidan shakllantiriladi. Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasiga tibbiyot tashkilotlarining tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar va ularni ishlab chiqarish boʻyicha xarajatlar oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.