Budjet kodeksi 67-modda. Begʻaraz yordam oluvchilarning majburiyatlari

Begʻaraz yordam oluvchilar: begʻaraz yordam loyihalari boʻyicha donorlar bilan kelishuvlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishib olishi hamda ularda nazarda tutilgan, oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishi; olingan begʻaraz yordamdan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlashi; olingan begʻaraz yordamning hisob va hisobotlarda aks ettirilishini taʼminlashi; begʻaraz yordam doirasida kelgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini oʻz vaqtida amalga oshirishi; begʻaraz yordam kelganligi va foydalanilganligi yuzasidan hisobot taqdim etishi shart. Texnik koʻmaklashish mablagʻlarini oluvchilar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatlar bilan bir qatorda, shuningdek: texnik koʻmaklashish loyihasini amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasini va uni oʻzlashtirish jadvalini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritishi; texnik koʻmaklashish mablagʻlari kelib tushishi uchun vakolatli banklarda maxsus hisobvaraqlar ochishi; texnik koʻmaklashish loyihasi amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga taqdim etishi shart.