Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan: vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalarini va mavjud kreditorlik qarzlarini toʻlash; budjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlari; budjet tashkiloti xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tadbirlari uchun foydalaniladi. Budjet tashkilotida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha toʻlanmagan nafaqalar va muddati oʻtgan kreditorlik qarz mavjud boʻlgan taqdirda, Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari birinchi navbatda ushbu qarzlarni toʻlash uchun sarflanadi. Ushbu modda birinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlanadigan mablagʻlar ulushi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan budjet tashkilotlariga koʻrsatilgan homiylik mablagʻlarining jami summasi, agar homiy tomonidan boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, budjet tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun sarflanadi.