Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan qonunchilik bilan belgilangan kafolatlarga muvofiq oldingi lavozimni yoki unga teng boʻlgan lavozimni taqdim etish hollari, shuningdek ushbu Qonunning 39 va 41-moddalarida nazarda tutilgan holatlar mustasno. Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, huquqlarining tengligi kafolatlanadi. Davlat fuqarolik xizmatining boʻsh turgan (vakant) lavozimini egallash maxsus vakolatli davlat organining axborot tizimi orqali oʻtkaziladigan ichki va tashqi tanlovlar asosida amalga oshiriladi. Ichki tanlovlarda faqat davlat fuqarolik xizmatchilari, tashqi tanlovlarda esa tegishli malaka talablariga javob beradigan barcha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etish huquqiga ega. Tanlov oʻtkaziladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari va tanlov oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.