Davlat fuqarolik xizmatchisi davlat organining qonunga xilof qarorlari, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi davlat organiga yoki maxsus vakolatli davlat organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli. Davlat organining qonunga xilof qarorlari, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida davlat fuqarolik xizmatchisining buzilgan, nizolashilayotgan huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish bilan bogʻliq nizolar fuqarolik protsessual qonunchilik bilan belgilangan tartibda hal etiladi.