Davlat xaridlari toʻgʻrisida 13-modda. Korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik prinsipi

Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazishga doir talablar davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymasligi kerak. Bunda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ustuvor boʻladi. Davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashi kerak. Davlat xaridlarida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik: insofli raqobatni va qarorlar qabul qilish chogʻida xolisona mezonlardan foydalanilishini; monitoring va nazorat oʻtkazishning, shu jumladan ichki monitoring va nazorat oʻtkazishning samarali tizimi yaratilishini; ushbu Qonun va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi hollari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborotning ochiq manbalarida eʼlon qilib borilishini; davlat xaridlari tartib-taomillari ushbu Qonunda belgilangan talablarga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Qonunchilikda davlat xaridlarini amalga oshirish sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.