Davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari: davlatning strategik maqsadlari va vazifalariga erishish; davlat buyurtmachilarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash; Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini va boshqa davlat dasturlarini bajarish; davlatning ijtimoiy vazifalarni hal qilish boʻyicha funksiyalarini bajarish; davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun davlat xaridlari subyektlariga qulay muhitni shakllantirishdan, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaga va qonunchilikning boshqacha tarzda buzilishlariga qarshi kurashishdan iborat. Davlat xaridlarini amalga oshirishda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat ustuvorliklari, shu jumladan yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarning yaratilishi, qulay ekologik vaziyatning saqlanishi hisobga olinadi. Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda kamida uchta mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etsa, agar Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga koʻra ushbu mahalliy ishlab chiqaruvchilarga takliflarni baholashda foydalaniladigan imtiyozlar va preferensiyalar berilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlarini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi chet davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin. Bunday davlat xaridini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida belgilanadi.