Davlat xaridlari toʻgʻrisida 18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organdir (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi). Vakolatli organ: davlat xaridlari sohasida davlat tomonidan tartibga solishni va davlat siyosatini amalga oshiradi; davlat xaridlarini tashkil etish va oʻtkazish tizimini, shu jumladan, elektron tizimni rivojlantirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishning samaradorligi va ochiqligini oshirish boʻyicha choralar koʻradi; davlat xaridlari elektron tizimi operatorlarini hamda ularning davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirishga taalluqli faoliyati tartibini, shuningdek maxsus axborot portali faoliyati tartibini belgilaydi; davlat xaridlari elektron tizimining operatori faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik shaxslarga ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qonunchilikda belgilangan tartibda beradi; davlat xaridlarining elektron tizimiga nisbatan talablarni belgilaydi; iqtisodiy jihatdan eng foydali taklifni baholash usulini qoʻllash tartibini (baholashning narxga asoslanmagan mezonlarini) ishlab chiqadi; davlat xaridlari boʻyicha axborotni joylashtirish, oshkor qilish va undan foydalanish tartibini hamda hajmlarini, shuningdek tovarga (ishga, xizmatga) hamda davlat xaridlarini amalga oshirish usuliga qarab eʼlon qilishga doir qoʻshimcha talablarni belgilaydi; xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonlarning, xarid qilish hujjatlarining namunaviy shakllarini tasdiqlaydi; Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; Shartnomalarning yagona reyestrini yuritish tartibini belgilaydi; davlat xaridlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishi ustidan monitoring va nazoratni taʼminlaydi; davlat xaridlari subyektlaridan axborotlarni soʻrab oladi, jamlaydi, ularni tahlil qiladi va hisobotlarni shakllantiradi; davlat xaridlari sohasida xarid qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari boʻyich