Xarid komissiyasi yoki davlat xaridlari elektron tizimining operatori ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatadi, agar: u toʻgʻrisida Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd mavjud boʻlsa; unda soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlsa; oʻziga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari joriy etilgan boʻlsa; ishtirokchi xarid qilish hujjatlarining malaka, texnik va tijorat talablariga javob bermasa; ishtirokchi davlat xaridlari jarayonida davlat buyurtmachisi tomonidan biror-bir xatti-harakatning sodir etilishiga, qaror qabul qilinishiga yoki biror-bir xarid qilish tartib-taomilining qoʻllanilishiga taʼsir oʻtkazish maqsadida davlat buyurtmachisining yoki boshqa davlat organining istalgan hozirgi yoki sobiq mansabdor shaxsiga yoki xodimiga har qanday shakldagi haqni, ishga yollash toʻgʻrisidagi taklifni yoxud istalgan boshqa qimmatbaho ashyoni yoki xizmatni bevosita yoxud bilvosita taklif qilsa, bersa yoki berishga rozilik bildirsa; ishtirokchi raqobatga qarshi harakatlarni sodir etsa yoki qonunchilikni buzgan holda manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarsa, shuningdek affillanganlik hollari aniqlansa. Xarid komissiyasining yoki davlat xaridlari elektron tizimi operatorining ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish toʻgʻrisidagi qarori va buning sabablari xarid qilish tartib-taomillari haqidagi hisobotga kiritiladi hamda ular haqida tegishli ishtirokchiga darhol xabar beriladi.