Davlat xaridlari toʻgʻrisida 62-modda. Tanlash gʻolibini aniqlash

Takliflarni taqqoslash natijalariga koʻra xarid komissiyasi tanlash gʻolibini aniqlaydi va tanlash oʻtkazish natijalarini bayonnomada aks ettiradi. Xarid komissiyasining qarori bilan tanlash boʻyicha xarid qilish hujjatlarida va taklifda koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq gʻolibning taklifidan keyingi eng maqbul taklifni taqdim etgan ishtirokchi sifatida eʼtirof etilgan zaxiradagi gʻolib aniqlanishi mumkin. Bayonnoma davlat buyurtmachisi tomonidan u rasmiylashtirilgan kunda davlat xaridlarining elektron tizimiga muhokama qilish uchun ikki ish kuniga joylashtirilishi kerak. Agar ikki ish kuni ichida tanlash ishtirokchilari tomonidan tanlash oʻtkazish natijalari boʻyicha eʼtirozlar kelib tushmagan boʻlsa, davlat buyurtmachisi va xarid komissiyasi tomonidan gʻolib deb topilgan ishtirokchi oʻrtasida shartnoma tuziladi. Muhokama uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin kelib tushgan eʼtirozlar xarid komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilmaydi. Tanlash ishtirokchilari tomonidan tanlash oʻtkazish natijalari boʻyicha eʼtirozlar kelib tushganda, xarid komissiyasi eʼtirozlarni koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi. Davlat buyurtmachisi tomonidan xarid komissiyasiga taqdim etilgan muhokama natijalari toʻgʻrisidagi axborot asosida xarid komissiyasining tegishli majlisi bayonnomasi rasmiylashtiriladi va imzolangan kundan boshlab uch ish kuni ichida davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtiriladi. Tanlash natijalari boʻyicha tuzilgan shartnoma toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga u tuzilgan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi.