Davlat xaridlari toʻgʻrisida 68-modda. Tender ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi

Tender ishtirokchilarining takliflari eʼlonda va tender boʻyicha xarid qilish hujjatlarida belgilangan tartibda ularning davlat xaridlari elektron tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali, eʼlonda koʻrsatilgan muddatdan kechiktirmay elektron shaklda taqdim etiladi. Elektron shaklda tender oʻtkazish chogʻida tender ishtirokchilarining takliflarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Taklifda davlat xaridi obyekti boʻlgan tovar eskizining, rasmining, chizmasining, fotosuratining va boshqa materiallarining elektron shakli boʻlishi mumkin. Tender ishtirokchisi taqdim etilayotgan axborot va hujjatlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligi uchun javobgar boʻladi. Tender ishtirokchisi faqat bitta taklif berishga haqli. Tenderda ishtirok etish uchun takliflarni qabul qilish maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimida chop etilgan eʼlonda koʻrsatilgan muddat kelishi bilan tugatiladi. Agar takliflar berish muddati tugagan vaqtda tender ishtirokchilaridan kamida ikkita taklif olingan boʻlsa, tender ishtirokchilarining takliflari xarid komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Tenderda bitta ishtirokchi ishtirok etgan yoki hech kim ishtirok etmagan boʻlsa, tender oʻtkazilmagan deb topiladi. Bunday holda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilini ayni oʻsha shartlarda hamda tovarga (ishga, xizmatga) doir ayni oʻsha mezonlarga va talablarga muvofiq takroran amalga oshirishi shart. Tovarga (ishga, xizmatga) doir baholash shartlari, mezonlari va talablarni oʻzgartirish zarur boʻlganda, xarid komissiyasi asoslarni koʻrsatgan holda tegishli qarorni qabul qiladi. Tender ishtirokchisi bunday takliflarni berish muddati tugaguniga qadar berilgan taklifni qaytarib olishga yoki unga oʻzgartishlar kiritishga haqli.