Kasal boʻlib qolganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda va boshqa hollarda fuqarolar profilaktik, tashxis qoʻyish-davolash, kuch-quvvatni tiklash, sanatoriy-kurort, protez-ortopediya yordami va boshqa xil yordamni, shuningdek bemorlarni, mehnatga layoqatsiz va nogironligi boʻlgan shaxslarni boqish-parvarishlash yuzasidan ijtimoiy chora-tadbirlarni, shu jumladan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlashni oʻz ichiga oladigan tibbiy-ijtimoiy yordam olish huquqiga ega. Tibbiy-ijtimoiy yordam tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar tomonidan koʻrsatiladi. Fuqarolar oʻzlarini ixtiyoriy ravishda tibbiy sugʻurta qildirish asosida, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablagʻlari, oʻz shaxsiy mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoʻshimcha tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish huquqiga ega. Fuqarolarning ayrim toifalari protezlar, ortopedik va moslama buyumlar, eshitish apparatlari, harakatlanish vositalari va boshqa maxsus vositalar bilan imtiyozli tarzda taʼminlanish huquqiga ega. Bunday huquqqa ega boʻlgan fuqarolarning toifalarini, shuningdek ularni taʼminlash shartlari va tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. Fuqarolar ixtisoslashgan sogʻliqni saqlash, muassasalarida tibbiy ekspertizadan oʻtish huquqiga ega.