Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 26-modda. Tibbiy aralashuvga rozilik berish

Fuqaroning oʻz kasaliga doir maʼlumotlarni bilgan holda oʻz ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur shartidir. Fuqaroning ahvoli oʻz xohish-irodasini izhor etishga imkon bermaydigan, tibbiy aralashuvni esa kechiktirib boʻlmaydigan hollarda fuqaroning manfaatini koʻzlab tibbiy aralashuvni amalga oshirish masalasini konsilium hal qiladi, basharti konsiliumga yigʻilishning iloji boʻlmagan taqdirda esa, keyinchalik davolash-profilaktika muassasasining mansabdor shaxslarini xabardor qilish sharti bilan bevosita davolovchi (navbatchi) shifokor hal etadi. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxslarga va qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga nisbatan tibbiy aralashuvga ularning qonuniy vakillari rozilik beradi. Ota-ona yoki boshqa qonuniy vakillar yoʻqligida tibbiy aralashuv toʻgʻrisidagi qarorni konsilium qabul qiladi, basharti konsiliumga yigʻilishning iloji boʻlmagan taqdirda esa, keyinchalik davolash-profilaktika muassasasining mansabdor shaxslari va bemorning qonuniy vakillarini xabardor qilish sharti bilan bevosita davolovchi (navbatchi) shifokor qabul qiladi.