Chet elda ishlangan davrlar quyidagi shartlarga koʻra mehnat stajiga qoʻshiladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno: 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlangan taqdirda; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — yagona ijtimoiy toʻlov toʻlangan taqdirda; 2020-yil 1-yanvardan — ijtimoiy soliq toʻlangan taqdirda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yollanma (bitim) asosda chet elda ishlaganligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar mehnat daftarchasiga kiritgan qaydnomalarga qarab aniqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning chet elda ishlagan davrini mehnat stajiga kiritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga chet eldagi ishi Oʻzbekiston Respublikasida ishlanganiga toʻgʻri keladigan stajning 1/3 hissasidan oshmagan miqdorda, stajga qoʻshiladi.