Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida 63-modda. Pensionerning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiyani toʻlash

Pensioner olishi lozim boʻlgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi bilan taʼminlanadigan shaxslar ( 19 , 20-moddalar ) doirasiga kiruvchi oila aʼzolariga toʻlanadi. Ota-onasi, eri (xotini), shuningdek pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turgan oila aʼzolari bu pulni, ular boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi bilan taʼminlanadiganlar doirasiga kirmaganlari taqdirida ham olish huquqiga ega boʻladilar. Pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli koʻrsatib oʻtilgan oila aʼzolariga ushbu oy uchun toʻliq toʻlanadi. Oilaning bir necha aʼzosi murojaat etgan taqdirda pensiyaning ularga tegishli summasi ularning oʻrtasida teng taqsimlanadi. Pensionerning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli pensioner vafot etganidan keyin oltmish kun ichida uni olish uchun murojaat etilgan taqdirda toʻlanadi.