Mulkdorning qarori bilan muassasaga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkni operativ boshqarish huquqi, basharti qonun hujjatlarida yoki mulkdorning qarori bilan boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ushbu muassasada unga mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Operativ boshqarishda boʻlgan mol-mulkdan foydalanishdan olingan hosil, mahsulot va daromadlar, shuningdek muassasada shartnoma boʻyicha yoxud boshqa asoslarda vujudga kelgan mol-mulk ham ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda mulk huquqini olish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda muassasaning operativ boshqarishiga oʻtadi. Mol-mulkni operativ boshqarish huquqi mulkdorning qaroriga va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra bekor qilinadi.