Buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida koʻrib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu toʻgʻrida pudratchiga darhol maʼlum qilishi shart. Ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish toʻgʻrisida keyinchalik talab qoʻyish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda koʻrsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli. Buyurtmachi ishni tekshirmasdan qabul qilgan boʻlsa, uni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlgan kamchiliklar (ochiq koʻrinib turgan kamchiliklar)ni dalil qilib keltirish huquqidan mahrum boʻladi. Buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan soʻng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan soʻng oʻn kunlik muddat ichida bu toʻgʻrida pudratchiga xabar qilishi shart. Buyurtmachi bilan pudratchi oʻrtasida bajarilgan ishning kamchiliklari yoki ularning sabablari yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, istagan tarafning talabi boʻyicha ekspertiza tayinlanishi kerak. Ekspertiza oʻtkazish xarajatlari pudratchi zimmasida boʻladi, ekspertiza pudrat shartnomasi buzilmaganligini yoki pudratchining harakatlari bilan aniqlangan kamchiliklar oʻrtasida sababiy bogʻlanish yoʻqligini aniqlagan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda ekspertiza xarajatlarini ekspertiza oʻtkazishni talab qilgan taraf, agar ekspertiza taraflarning oʻzaro kelishuvi bilan tayinlangan boʻlsa, ikkala taraf teng miqdorda toʻlaydi. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortganida, pudratchi shartnomaga binoan is