Ilmiy-tekshirish ishlari yoki tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi boʻyicha pudratchi: buyurtmachi bilan kelishilgan dastur (texnika-iqtisodiy parametrlar)ga yoki mavzuga muvofiq ishlarni bajarishi va natijasini shartnomada nazarda tutilgan muddatda buyurtmachiga topshirishi; intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish bilan bogʻliq talablarga rioya etishi; bajarilgan ishlarda oʻzining aybi bilan yoʻl qoʻyilgan, buyurtmachining texnikaviy topshirigʻida yoki shartnomada nazarda tutilgan texnika-iqtisodiy parametrlardan chekinishga olib kelishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni oʻz kuchi bilan va oʻz hisobidan bartaraf etishi; kutilayotgan natijalarni olish mumkin emasligi yoki ishlarni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, bu haqda buyurtmachini darhol xabardor qilishi; bunday shartnomalar asosida topshirilgan natijalarga uchinchi shaxslarda alohida huquqlar yoʻqligi haqida buyurtmachiga kafolat berishi shart. Agar ilmiy-tekshirish yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, pudratchi: ishlarni bajarish jarayonida qoʻlga kiritilgan ilmiy-texnikaviy natijalarni buyurtmachining roziligisiz eʼlon qilmasligi; ishlarni bajarish jarayonida qoʻlga kiritilgan huquqiy muhofazaga loyiq natijalarni himoya qilish choralarini koʻrishi va bu haqda buyurtmachini xabardor qilishi; buyurtmachiga bajarilgan ishlarda qoʻllanilgan huquqiy muhofazaga loyiq ilmiy-texnikaviy natijalardan foydalanish haqidagi maxsus litsenziyani berishi shart.