Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 781-modda. Hisobvaraqda turgan pul mablagʻlaridan bankning foydalanganligi uchun foiz toʻlash

Agar bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank hisobvaraqda turgan pul mablagʻlaridan foydalanganligi uchun mijozga foizlar toʻlaydi, ularning summasi hisobvaraqqa kiritib qoʻyiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan foizlar bank tomonidan bank hisobvaragʻi shartnomasida belgilanadigan miqdorda, shartnomada tegishli shartlar nazarda tutilmagan taqdirda esa— odatda bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar yuzasidan toʻlaydigan miqdorda toʻlanadi. Foizlar summasi bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda, bunday muddatlar bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilmagan hollarda esa — yilning har choragi tamom boʻlgach, hisobvaraqqa kiritib qoʻyiladi.