Inkasso boʻyicha hisob-kitob qilinganida mijoz oʻz bankiga (bank-emitentga) pul toʻlovchidan toʻlovni va (yoki) toʻlov akseptini mijoz hisobidan qabul qilish haqida topshiriqnoma yuboradi. Inkasso topshirigʻini olgan bank-emitent uni bajarish uchun boshqa bankni (ijrochi bankni) jalb qilishga haqli. Inkasso boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi qonunchilik bilan va bank amaliyotida qoʻllaniladigan ish muomalasi odatlari bilan boshqariladi. Mijozning topshirigʻi bajarilmagan yoki tegishli suratda bajarilmagan taqdirda, bank-emitent uning oldida ushbu Kodeksning 24-bobida nazarda tutilgan asoslarga koʻra va miqdorda javobgar boʻladi. Agar ijrochi bank tomonidan hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari buzilganligi munosabati bilan mijozning topshirigʻi bajarilmagan yoki tegishli suratda bajarilmagan boʻlsa, mijoz oldidagi javobgarlik ushbu bank zimmasiga yuklatilishi mumkin.