Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 840-modda. Komitentning mol-mulki yoʻqolganligi, yetishmasligi yoki shikastlanganligi uchun vositachining javobgarligi

Vositachi oʻz ixtiyoridagi komitent mol-mulkining yoʻqolishiga, yetishmasligiga yoki shikastlanishiga olib kelgan har qanday kamchilik uchun komitent oldida javobgar boʻladi. Agar vositachi komitent yuborgan yoki vositachiga komitent uchun kelgan mol-mulkni qabul qilib olayotganida bu mol-mulkda tashqaridan koʻzdan kechirganda sezib qolinishi mumkin boʻlgan shikastlanish yoki yetishmovchilik mavjud boʻlsa, shuningdek komitentning vositachi qoʻlida turgan mol-mulkiga biron-bir shaxs zarar keltirgan taqdirda vositachi komitentning huquqlarini himoya qilish choralarini koʻrishi, zarur dalil-isbotlarni toʻplashi va bularning barchasi haqida darhol komitentni xabardor qilishi shart. Oʻz ixtiyoridagi komitentning mol-mulkini sugʻurtalamagan vositachi buning uchun faqat komitent unga mol-mulkni komitent hisobidan sugʻurtalashni buyurgan yoki vositachining bu mol-mulkni sugʻurtalashi vositachilik shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida nazarda tutilgan hollar javobgar boʻladi.