Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 857-modda. Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari

Ishonchli boshqaruvchi qonunda va mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor huquqlarini amalga oshiradi. Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni boshqarish sohasidagi harakatlarni amalga oshirish natijasida qoʻlga kiritgan huquqlar ana shunday mol-mulk tarkibiga kiritiladi. Ishonchli boshqaruvchining ana shunday harakatlarni amalga oshirishi natijasida vujudga kelgan majburiyatlar shu mol-mulk hisobidan bajariladi. Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvga topshirilgan koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga berishni va garovga qoʻyishni faqat bu hol mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirishga haqli. Ishonchli boshqaruvda boʻlgan mol-mulkka huquqlarni himoya qilish uchun ishonchli boshqaruvchi oʻzining huquqlari har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega (ushbu Kodeksning 228 , 229 , 231 , 232 -moddalari). Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvning muassisiga va foyda oluvchiga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilangan muddatlarda va tartibda oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etib turadi.