Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi quyidagi hollarda bekor boʻladi: taraflardan birining shartnoma muddati tugashi munosabati bilan shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga muvofiq; agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, foyda oluvchi fuqaroning vafot etishi, foyda oluvchi yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan; ishonchli boshqaruvchi fuqaro vafot etganida, u muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanganida, shuningdek yakka tadbirkor toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganida; ishonchli boshqaruvchi yuridik shaxs tugatilganida, u toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganida; foyda oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma boʻyicha foydani olishdan bosh tortganida; ishonchli boshqaruvchi yoki boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchi uchun mol-mulkni ishonchli boshqarishni shaxsan amalga oshirishi mumkin emasligi munosabati bilan boshqaruvni amalga oshirishdan bosh tortganida; boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchiga shartnomada kelishilgan haqni toʻlagan holda ushbu moddaning toʻrtinchi bandida koʻrsatilganidan boshqa sabablarga koʻra shartnomani bajarishdan bosh tortganida; ishonchli boshqaruvchi oʻzining majburiyatlarini tegishli darajada bajarmagan taqdirda shartnoma sudning qaroriga muvofiq bekor qilinganida; qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bekor qilinganida ishonchli boshqarishda boʻlgan mol-mulk, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqaruv muassisiga topshiriladi. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinganida ikkinchi taraf, agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan boʻlmasa, kamida uch oy oldin bundan xabardor qilib qoʻyilishi kerak.