Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 944-modda. Sugʻurtalangan shaxsni almashtirish

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchidan boshqa shaxsning javobgarligi sugʻurtalangan hollarda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi bu shaxsni sugʻurta hodisasi yuz berguncha istalgan vaqtda, sugʻurtalovchini yozma ravishda xabardor qilib, boshqa shaxsga almashtirishga haqli. Shaxsiy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurtalangan shaxs sugʻurta qildiruvchi tomonidan shu sugʻurtalangan shaxs va sugʻurtalovchining roziligi bilangina boshqa shaxsga almashtirilishi mumkin.