Fuqarolik protsessual kodeksi 117-modda. Sudning ish yuritishni toʻxtatib turish huquqi

Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi boʻyicha yoki oʻz tashabbusi bilan quyidagi hollarda ish yuritishni toʻxtatib turishga haqli: 1) taraf Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibida muddatli haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotganda yoki mazkur shaxslar davlatning biror-bir majburiyatini bajarish uchun jalb qilinganda; 2) taraf davolash muassasasida boʻlganda, shuningdek taraflardan birida sudga kelishga toʻsqinlik qiladigan, tibbiyot muassasasining maʼlumotnomasi bilan tasdiqlangan kasallik mavjud boʻlganda; 3) ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan hollarda javobgar qidirilayotganda; 4) taraf ishni koʻrib chiqish muddatidan ortiq muddatda xizmat safarida boʻlganda, bundan ishda tashkilot vakillari ishtirok etayotgan hollar mustasno; 5) sud tomonidan ekspertiza tayinlanganda; 6) ushbu Kodeksning 103 va 363-moddalariga muvofiq sud tomonidan sud topshirigʻi yuborilganda.