Fuqarolik protsessual kodeksi 138-modda. Sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash

Hal qiluv qarori qaysi tarafning foydasiga chiqarilgan boʻlsa, sud shu tarafga ikkinchi tarafdan, garchi bu taraf davlat daromadiga tushadigan sud xarajatlarini toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa-da, ish boʻyicha qilingan hamma xarajatlarni undirib beradi. Agar arz qilingan talablar qisman qanoatlantirilgan boʻlsa, ushbu moddada koʻrsatilgan summalar javobgardan daʼvogarga talablarning sud tomonidan qanoatlantirgan qismiga mutanosib ravishda, javobgarga esa daʼvogar arz qilgan talablarning rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undirib beriladi. Daʼvogarning talablari u sudga murojaat qilganidan soʻng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilganda sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi. Agar daʼvogar tomonidan neustoykani undirish haqidagi talab asosli ravishda arz qilinib, biroq uning miqdori sud tomonidan kamaytirilgan boʻlsa, sud xarajatlari neustoykaning kamaytirilishi hisobga olinmagan holda undirilishi lozim boʻlgan neustoyka summasidan kelib chiqqan holda, javobgarning zimmasiga yuklatiladi. Davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek tashkilotlar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari koʻzlanib daʼvo taqdim etilgan shaxslardan daʼvo talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi. Agar yuqori turuvchi instansiya sudi ishlarni yangidan koʻrib chiqish uchun yubormay, chiqarilgan hal qiluv qarorini oʻzgartirsa yoki yangi hal qiluv qarorini qabul qilsa, u sud xarajatlari taqsimotini tegishincha oʻzgartiradi. Ushbu moddada bayon qilingan qoidalar apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlarini berganda taraflar toʻlagan davlat bojiga ham taalluqlidir.