Chaqiriluvchi oʻz nomiga yuborilgan sudning chaqiruv qogʻozini yoki boshqa xabarnomani qabul qilishdan bosh tortsa, uni keltirgan shaxs sudning chaqiruv qogʻoziga yoki boshqa xabarnomaga tegishli belgi qoʻyib, uni sudga qaytaradi. Chaqiriluvchi sudning chaqiruv qogʻozini yoxud boshqa xabarnomani qabul qilib olishdan bosh tortganligi haqidagi belgi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki ish beruvchi (maʼmuriyatning mansabdor shaxsi) yoxud oʻquv muassasasi tomonidan yoki kamida ikki nafar fuqaroning imzosi bilan tasdiqlanadi. Chaqiriluvchi sudning chaqiruv qogʻozini yoki boshqa xabarnomani qabul qilishdan bosh tortganligi yoki axborot tizimi orqali elektron tarzda xabardor qilingan shaxsning uzrsiz sabablarga koʻra kelmaganligi ishni muhokama qilishga toʻsqinlik qilmaydi.