Fuqarolik protsessual kodeksi 168-modda. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish

Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala sud majlisida taraflar albatta ishtirok etgan holda koʻriladi, bunday kelishuv notarius tomonidan tasdiqlangan hollar bundan mustasno. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilinadi. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, unda ish yuritish tugatilganligi koʻrsatiladi. Kelishuv bitimi apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi tomonidan tasdiqlangan taqdirda, ish boʻyicha ilgari qabul qilingan barcha sud hujjatlari bekor qilinishi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi va ish yuritish tugatiladi. Kelishuv bitimi sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan taqdirda, bitim ishni koʻrgan birinchi instansiya sudiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash masalasi kelishuv bitimi sudga taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha koʻrib chiqiladi. Sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimda kelishuv bitimining shartlari va kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi xulosa boʻlishi kerak. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Kelishuv bitimini tuzgan shaxslar uni ushbu bitimda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ravishda ijro etadi. Sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi, ushbu bitimda nazarda tutilgan muddatlarda ixtiyoriy ravishda ijro etilmagan taqdirda, u kelishuv bitimini tuzgan shaxsning iltimosnomasiga, sud xarajatlarini undirishga taalluqli qismi esa sudning tashabbusiga koʻra sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida, ushbu Kodeks qoidalari boʻyicha majburiy ijro etilishi lozim.