Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga: 1) davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini; 2) huquqiy munosabatni sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, agar bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa; 3) talablarga asos boʻlgan holatlarni; 4) arz qilingan talabni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Isteʼmol qilingan elektr energiyasi yoki tabiiy gaz uchun qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻini berish haqidagi arizaga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilarning koʻchirma nusxalari ham ilova qilinadi: 1) isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnomaning; 2) penya hisoblanishi toʻgʻrisidagi va isteʼmolchini tegishli energiya resurslari tarmoqlaridan uzish haqidagi ogohlantirish koʻrsatilgan, qarzni toʻlash toʻgʻrisidagi talabning, shuningdek uning isteʼmolchiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatning; 3) isteʼmolchi tegishli energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganligini tasdiqlovchi hujjatning. Koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlarni undirish haqida talab arz qilinganda sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ham ilova qilinadi: 1) koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisidagi qarori koʻchirma nusxasi; 2) koʻp kvartirali uyni boshqarish koʻp kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilgan taqdirda — koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasining koʻchirma nusxasi; 3) qarz yuzaga kelgan davr koʻrsatilgan qarz hisob-kitobi; 4) qarzni uzish toʻgʻrisidagi talabning qarzdorga topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar.