Fuqarolik protsessual kodeksi 192-modda. Arizani ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani hal etish

Sudya arizani ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish yoxud sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish haqidagi masalani ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yakka tartibda hal etadi. Arizani ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish yoxud arizani sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish yoki arizani qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimning koʻchirma nusxasi ariza va unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga, shuningdek arizani taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish haqidagi ajrimning koʻchirma nusxasi arizachiga ajrim chiqarilgandan keyingi kundan kechiktirmay yuboriladi. Iqtisodiy yoki maʼmuriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga koʻra kelib tushganda sudya ariza ushbu Kodeksning 189 , 190 va 191-moddalarida koʻrsatilgan talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay daʼvogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi va unga buning uchun oʻn kundan oshmaydigan muddat beradi.