Sudlarda videokonferensaloqani amalga oshirishning texnik imkoniyati boʻlgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslar sudning videokonferensaloqa rejimidagi majlisida bu haqda oʻzlari iltimosnoma berganda yoki sudning tashabbusiga koʻra ishtirok etishi mumkin. Koʻrsatilgan shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishi toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi, ajrimning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashayotgan shaxslarga va oʻz koʻmagida ushbu shaxslar bunday majlisda ishtirok etishi mumkin boʻlgan tegishli sudga yuboriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlash uchun koʻrsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha tegishli sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan yoxud ishni koʻrayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini taʼminlayotgan sud ushbu shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshiradi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlaydi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan shaxslarning shaxsi ishni koʻrayotgan sud tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda aniqlanadi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga oʻz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi, shuningdek guvohning qasamyodi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.