Fuqarolik protsessual kodeksi 270-15-modda. Sudning hal qiluv qarori

Eʼlon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish toʻgʻrisidagi, ish tashlashni toʻxtatib turish haqidagi, ish tashlashni noqonuniy deb topish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ushbu Kodeksning 23-bobida belgilangan qoidalarga koʻra sud tomonidan qabul qilinadi. Ish tashlash noqonuniy deb topilgan taqdirda, sud tegishli javobgarlik masalasini hal etish toʻgʻrisida prokurorga xabar qiladi. Sud ish tashlashni eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorning va ish tashlashning qonunga muvofiq ekanligini hamda ish tashlash tufayli huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlar buzilmayotganligini aniqlasa, arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi. Sudning eʼlon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish toʻgʻrisidagi yoki ish tashlashni toʻxtatib turish haqidagi daʼvo arizasini qanoatlantirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorida eʼlon qilingan ish tashlashni kechiktirish yoki ish tashlashni toʻxtatib turish muddati koʻrsatiladi va u eʼlon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish yoki ish tashlashni toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.