Fuqarolik protsessual kodeksi 303-modda. Sudning hal qiluv qarori

Sud farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishni mazmunan koʻrib chiqib, farzandlikka olish haqidagi arizani qanoatlantirish toʻgʻrisida yoxud uni qanoatlantirishni butunlay yoki qisman rad etish haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olingan bolaning tugʻilganligini qayd etish daftariga oʻzgartirishlar kiritish uchun zarur boʻlgan farzandlikka olingan va farzandlikka oluvchilar (oluvchi) haqidagi barcha maʼlumotlar koʻrsatiladi. Bola bitta shaxs tomonidan farzandlikka olinayotganda uning eng ustun manfaatlarini koʻzlab, agar farzandlikka oluvchi erkak boʻlsa, onasining xohishiga koʻra yoki agar farzandlikka oluvchi ayol boʻlsa, otasining xohishiga koʻra, shuningdek agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan boʻlsa, vafot etgan ota yoki ona ota-onasining (buvaning yoki buvining) iltimosiga koʻra sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi qarorida farzandlikka olingan bolaning otasi yoki onasi bilan yoxud vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlari bilan huquqiy munosabatlari saqlanib qolishi koʻrsatib oʻtiladi. Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, farzandlikka oluvchilar (oluvchi) va farzandlikka olinayotgan bolaning oʻzaro huquq va majburiyatlari farzandlikka olingan bolaning tugʻilganligini qayd etish daftariga zarur oʻzgartishlar kiritilgan kundan eʼtiboran belgilanadi. Sud farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch kun ichida ushbu hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasini tegishli vasiylik va homiylik organiga hamda farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi roʻyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.