Fuqarolik protsessual kodeksi 387-modda. Apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilinadigan hujjatlar

Apellyatsiya shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi: davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat; apellyatsiya shikoyati vakil tomonidan imzolangan taqdirda — uni imzolashga boʻlgan vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat. Apellyatsiya shikoyati (protesti) sudga ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab koʻchirma nusxalari bilan birga taqdim etiladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan apellyatsiya shikoyati (protesti) mustasno. Zarur hollarda, sudya apellyatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning zimmasiga apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) ilova qilingan yozma materiallarning koʻchirma nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin. Prokuror ishtirokisiz koʻrib chiqilgan ish boʻyicha apellyatsiya protestiga ushbu Kodeks 383-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning mazkur protestni keltirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan murojaatining koʻchirma nusxasi ilova qilinadi. Bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ishlar mustasno. Sudning arizani qaytarish haqidagi yoki arizani qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) qaytarilgan ariza va sudga taqdim etishda unga qoʻshib berilgan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilinganda yoki xodim bir ishdan boshqa ishga gʻayriqonuniy ravishda oʻtkazilganida uni ilgarigi ishiga tiklash toʻgʻrisida sud chiqargan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) ushbu qarorning ijrosiga doir hujjat ilova qilingan taqdirdagina qabul qilinadi.