Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni quyidagi hollarda tugatadi, agar: 1) kassatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya tartibida koʻrilgan yoki ushbu Kodeksga muvofiq kassatsiya tartibida shikoyat qilinmaydigan (protest keltirilmaydigan) sud hujjati ustidan berilgan va u ish yuritishga xatoga yoʻl qoʻyilib qabul qilingan boʻlsa; 2) kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan va u ish yuritishga xatoga yoʻl qoʻyilib qabul qilingan boʻlsa; 3) kassatsiya shikoyati (protesti) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa; 4) kassatsiya shikoyatidan voz kechish toʻgʻrisidagi ariza kassatsiya shikoyatini bergan shaxsdan kassatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinganidan keyin kelib tushgan boʻlsa; 5) protestni chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza protest keltirgan prokurordan yoki yuqori turuvchi prokurordan kassatsiya protesti ish yuritishga qabul qilinganidan keyin kelib tushgan boʻlsa; 6) ishda taraf boʻlgan yuridik shaxs kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar tugatilgan boʻlsa; 7) ishda taraf boʻlgan fuqaro kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha sud hujjati qabul qilinguniga qadar vafot etsa, nizoli huquqiy munosabat esa huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa. Kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi, unda sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal etilishi mumkin. Kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritish tugatilgan taqdirda, ayni bir shaxsning ayni shu asoslar boʻyicha kassatsiya shikoyati (protesti) bilan sudga takroran murojaat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.