Har bir sud hujjati boʻyicha bitta ijro varaqasi beriladi. Biroq, agar ijro turli joylarda yoki bir nechta undiruvchining foydasiga amalga oshiriladigan boʻlsa, sud undiruvchilarning iltimosiga binoan ijro joyini yoxud hal qiluv qarori ijrosining har bir ijro varaqasiga tegishli qismini aniq koʻrsatgan holda bir necha ijro varaqasi beradi. Bir nechta javobgardan pul summalarini undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori asosida javobgarlarning soni boʻyicha bir nechta ijro varaqasi beriladi. Bunda, agar solidar javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan boʻlsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi koʻrsatilishi va solidar javobgar ekanligi koʻrsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab oʻtilishi kerak. Ijro varaqasi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan beriladi. Ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki sud hujjati qonuniy kuchga kirgandan soʻng besh kun ichida undiruvchining iltimosnomasiga koʻra davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi, bundan sud hujjati chiqarilishi bilanoq ijro varaqasi berilib, darhol ijro etiladigan hollar mustasno. Ijro varaqasi undiruvchi jismoniy shaxslarga elektron hujjat tarzida, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali — mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvchi yuridik shaxslarga esa soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi. Agar Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy kabineti mavjud boʻlmasa, ijro varaqasi unga qogʻoz shaklida beriladi.