Fuqarolik protsessual kodeksi 45-modda. Protsessda birgalikda ishtirok etish

Daʼvo bir nechta daʼvogar tomonidan birgalikda yoki bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilishi (protsessda birgalikda ishtirok etish) mumkin. Protsessda birgalikda ishtirok etishga alohida tartibda yuritiladigan ishlar boʻyicha ham yoʻl qoʻyiladi. Protsessda birgalikda ishtirok etishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi, agar: nizo predmeti bir nechta daʼvogarning yoki javobgarning umumiy huquqlari yoki majburiyatlari boʻlsa; bir nechta daʼvogarning yoki javobgarning huquq va majburiyatlari bitta asosga ega boʻlsa; nizo predmeti bir turdagi huquq va majburiyatlardan iborat boʻlsa. Daʼvogarlar va javobgarlardan har biri boshqa tarafga nisbatan protsessda mustaqil ravishda ishtirok etadi. Uchinchi shaxslar ham protsessda birgalikda ishtirok etishlari mumkin. Protsessda birgalikda ishtirok etuvchilar ishni olib borishni sherik ishtirokchilardan biriga topshirishi mumkin. Sud nizolashilayotgan huquqiy munosabatning xususiyatini inobatga olgan holda ishga jalb etilmagan sherik javobgarni ishda ishtirok etish uchun oʻz tashabbusiga yoki taraflarning iltimosnomasiga koʻra jalb qilishga haqli. Boshqa sherik javobgar ishda ishtirok etish uchun jalb qilinganda ishni koʻrish boshidan boshlanadi.