Fuqarolik protsessual kodeksi 458-modda. Qaytarma ijro

Ijro etilgan sud hujjati oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan va ish yangidan koʻrib chiqilganidan keyin talablarni qanoatlantirishni toʻliq yoki qisman rad etish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilingan yoki ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida yoxud arizani koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan taqdirda, oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan sud hujjati boʻyicha javobgardan daʼvogarning foydasiga undirilgan narsalarning barchasi javobgarga qaytarib berilishi kerak (hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi). Agar ijro etilmagan sud hujjati bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan boʻlsa va daʼvoni toʻliq yoxud qisman rad etish toʻgʻrisida yangi sud hujjati qabul qilingan boʻlsa yoki ishni yuritish tugatilgan yoki daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan boʻlsa, sud sud hujjatining bekor qilingan yoxud oʻzgartirilgan tegishli qismi boʻyicha undirishni toʻliq yoki qisman tugatish toʻgʻrisidagi sud hujjatini qabul qiladi.