Yoʻqolgan ijro ishini yuritish sud tomonidan ishda ishtirok etgan shaxslarning, ijro ishini yuritish taraflarining, davlat ijrochisining, prokurorning arizasiga koʻra, shuningdek ijro hujjatini bergan sudning yoki boshqa organning tashabbusi boʻyicha tiklanishi mumkin. Yoʻqolgan ijro ishini yuritish toʻliq tiklanadi yoki uning sud fikriga koʻra tiklanishi zarur boʻlgan qismi tiklanadi. Yoʻqolgan ijro ishini yuritishni tiklash toʻgʻrisidagi ariza sud hujjati ijro etiladigan joydagi sudga beriladi. Arizada ijro ishini yuritish toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar boʻlishi kerak. Arizachida saqlanib qolgan va ijro ishini yuritishga daxldor boʻlgan hujjatlar yoki ularning koʻchirma nusxalari arizaga ilova qilinadi. Sud ishni koʻrayotganda ijro ishini yuritishning saqlanib qolgan qismidan, ish yoʻqolguniga qadar undan jismoniy va yuridik shaxslarga olib berilgan hujjatlardan, bu hujjatlarning koʻchirma nusxalaridan, shuningdek ijro ishini yuritishga daxldor boʻlgan boshqa maʼlumotnomalar va hujjatlardan foydalanadi. Sud ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etgan yoki hozir boʻlgan shaxslarni guvoh sifatida soʻroq qilishi mumkin. Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud ajrim chiqaradi, uning koʻchirma nusxalari ijro ishining taraflariga va davlat ijrochisiga yuboriladi. Toʻplangan materiallar yoʻqolgan ijro ishini yuritishni aniq tiklash uchun yetarli boʻlmasa, sud ajrim chiqarib, ijro ishini yuritishni tiklash toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishni tugatadi. Bu holda arizachi umumiy tartibda daʼvo taqdim etishga haqli. Arizachi yoʻqolgan ijro ishini yuritishni tiklash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilishi chogʻida sud tomonidan qilingan sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilinadi. Bila turib yolgʻon ariza berilganda sud xarajatlari arizachidan undirib olinadi.