Dalillarni taʼminlash ushbu Kodeksda belgilangan dalillarni toʻplash va tekshirish qoidalari boʻyicha sud tomonidan amalga oshiriladi. Arizachi va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar dalillarni taʼminlash vaqti va joyi haqida xabardor qilinadi, biroq ularning kelmaganligi dalillarni taʼminlash haqidagi arizani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Kechiktirish, shuningdek keyinchalik arizachi bilan kimning oʻrtasida nizo kelib chiqishini aniqlash mumkin boʻlmagan hollarda, dalillarni taʼminlash faqat arizachining oʻzini xabardor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Dalillarni taʼminlash tartibida taraflarning, uchinchi shaxslarning tushuntirishlari eshitiladi, guvohlar soʻroq qilinadi, ekspertiza tayinlanadi, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar talab qilib olinadi yoki koʻzdan kechiriladi, joyga borib koʻzdan kechirish oʻtkaziladi. Dalillarni taʼminlash tartibida toʻplangan barcha materiallar ishni koʻrib chiqayotgan sudga yuboriladi yoki arizachiga beriladi.