1. Garovga oluvchi garov narsasidan shartnomada yoki qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina foydalanish huquqiga ega. U garov narsasidan foydalanishda ega boʻlgan mulkiy foyda birinchi navbatda ashyoni saqlash bilan bogʻliq chiqimlarni qoplashga sarflanadi yoki garov bilan taʼminlangan majburiyat foizlarini yohud majburiyatning oʻzini uzish hisobiga oʻtkaziladi. 2. Garovga oluvchi majburiyat toʻliq bajarilgunga qadar ashyoni ushlab turishga haqlidir. 3. Garovga oluvchining aybi boʻlmagani holda garov narsasi nobud boʻlishi, shikastlanish yoki qiymati pasayishi xavfi paydo boʻlgan taqdirda, u bunday narsani almashtirishni talab qilishga, qarzdor bu talabni bajarishni rad etgan taqdirda esa undirishni garovga qoʻyilgan mol-mulkka muddatidan ilgari qaratishga haqlidir. Tushgan pul, agar shartnomada yoki qonunlarda oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, notarial idora yoki bank depozitiga qoʻyiladi va garov narsasi boʻlib xizmat qiladi. 4. Agar garov bilan taʼminlangan talab bajarilishi oqibatida garov toʻxtatilsa, garovga oluvchida turgan garovga qoʻyilgan mol-mulk garovga qoʻyuvchiga qaytarib berilishi yoki uning koʻrsatmasiga binoan garov huquqi paydo boʻlishi vaqtiga koʻra keyingi garovga oluvchiga berilishi lozim.