Hakamlik sudlari toʻgʻrisida 44-modda. Hakamlik muhokamasini tugatish

Hakamlik sudi quyidagi hollarda hakamlik muhokamasini tugatadi: hakamlik sudi oʻz hal qiluviga topshirilgan nizoni koʻrib chiqish uchun hakamlik sudi vakolatga ega emasligi toʻgʻrisida ajrim chiqarsa; daʼvogar oʻzining daʼvo talabidan voz kechsa va javobgar hakamlik muhokamasini tugatishga qarshi eʼtiroz bildirmasa; hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasini tugatish toʻgʻrisida kelishuvga erishsa; hakamlik muhokamasi taraflari kelishuv bitimi tuzsa va u hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan tasdiqlansa; hakamlik muhokamasining taraflari mediativ kelishuv tuzgan boʻlsa; hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilgan boʻlsa; hakamlik muhokamasi tarafi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan boʻlsa yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan boʻlsa yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa va huquqiy vorisdan hakamlik muhokamasini davom ettirish toʻgʻrisida ariza tushmasa; ayni bir hakamlik muhokamasi taraflari oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha kelib chiqqan nizo yuzasidan vakolatli sudning yoki hakamlik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa. Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos boʻyicha tugatilgan hakamlik muhokamasiga doir nizo tugatilgan hakamlik muhokamasi taraflaridan biri tomonidan vakolatli sudga topshirilishi mumkin.