Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalarining, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisida har chorakda, jamoat xavfsizligi haqida har olti oyda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlariga hisobot taqdim etadi. Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalarining (boʻlimlarining) boshliqlari huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisida, shuningdek jamoat xavfsizligi haqida har chorakda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi. Mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika bosh inspektorlari jamoat xavfsizligini taʼminlash holati toʻgʻrisida har olti oyda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitishga tegishli hududda joylashgan boshqa davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining, siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari va boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin. Yuklatilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar va ishlarning natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish chogʻida tanqidiy jihatdan muhokama qilinadi, ularning faoliyati samaradorligiga shaxsan baho beriladi, shuningdek egallab turgan lavozimiga muvofiq yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida tavsiyalar qabul qilinadi.